+998 55 518 57 77

OILAVIY MUNOSABATLARNI MUSTAHKAMLASHDA YANGI TIZIM

21.05.2026 36

Oila jamiyatning eng muhim tayanchi hisoblanadi. Insonning tarbiyasi, dunyoqarashi, mas’uliyati va ijtimoiy hayotga munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Shu sababli oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, nizoli oilalarga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

2026-yil 19-mayda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 257-son qaror aynan shu maqsadga qaratilgan. Ushbu qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha tuman va shaharlarda oila va xotin-qizlar bo‘limlari tizimida yuridik shaxs bo‘lmagan “Oila va xotin-qizlar maslahat markazlari” tashkil etilishi belgilandi.

Mazkur markazlarning eng asosiy vazifasi –  oilaviy nizolarni sudgacha yumshatish, nikohdan ajralish holatlarining oldini olish, yoshlarni nikoh va oilaviy hayotga mas’uliyat bilan tayyorlash hamda aholiga psixologik, huquqiy, tibbiy va ijtimoiy maslahatlar berishdan iborat. Amaliyotda ko‘pincha er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar vaqtida to‘g‘ri maslahat berilmagani, huquqiy savodxonlik yetishmagani yoki psixologik yordam ko‘rsatilmagani sababli chuqurlashib ketadi. Shunday vaziyatda maslahat markazlari oilalar uchun muhim ko‘makchi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Qarorda yoshlarni nikohga tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Nikohlanuvchi yoshlar uchun 5 yil muddatga mo‘ljallangan o‘quv dasturlari asosida oila psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik, huquqiy munosabatlar hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan. Bu juda muhim, chunki oilaviy hayot faqat his-tuyg‘ulardan iborat emas; unda iqtisodiy rejalashtirish, o‘zaro hurmat, farzand tarbiyasi, sog‘lom muloqot va huquqiy mas’uliyat ham katta o‘rin tutadi.

Shuningdek, qarorda nikoh qurganiga besh yil to‘lmagan yosh oilalar uchun maxsus dasturlarni amalga oshirish belgilangan. Chunki aynan dastlabki yillar oilaviy hayotdagi eng murakkab bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda yoshlar bir-birining xarakteriga moslashadi, moddiy-maishiy masalalarni hal qiladi, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq yangi mas’uliyatlarga duch keladi. Shu bois ularga vaqtida maslahat va ko‘mak berish nikohdan ajralish holatlarining kamayishiga xizmat qiladi.

Qarorning yana bir muhim jihati – nizoli oilalar bilan individual ishlash tizimining yo‘lga qo‘yilishidir. Maslahat markazlari nizoli oilalarga psixologik va huquqiy maslahatlar berishi, oilani mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazishi, zarur hollarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi belgilangan. Bu yondashuv oilaviy nizolarni faqat “mahalla darajasidagi suhbat” bilan cheklamasdan, mutaxassislar ishtirokida tizimli hal etishga imkon beradi.

Ayniqsa, oilaviy zo‘ravonlik holatlariga alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga loyiq. Qarorda himoya orderi olgan, “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimida tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki bunday holatdan jabr ko‘rgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni amalga oshirish vazifasi belgilangan. Bu normalar oiladagi muammolarni yashirish emas, balki ularni qonuniy, ijtimoiy va psixologik mexanizmlar orqali hal qilish zarurligini ko‘rsatadi. Chunki oilaviy munosabatlarda murosaga chaqirish zo‘ravonlikni oqlash degani emas; aksincha, inson sha’ni, xavfsizligi va huquqlari birinchi o‘rinda turishi kerak.

Bundan tashqari, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish ham oilani mustahkamlashning muhim omili sifatida ko‘rsatilgan. Darhaqiqat, iqtisodiy qaramlik ko‘plab oilaviy nizolarning yashirin sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Ayolning kasbga ega bo‘lishi, barqaror daromad topishi va jamiyatda faol bo‘lishi nafaqat uning shaxsiy rivojlanishiga, balki oiladagi sog‘lom muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qarorda maslahat markazlari faoliyati samaradorligini baholash uchun alohida KPI ko‘rsatkichlari ham joriy etilgan. Jumladan, nikohlanuvchi yoshlarning o‘quv kurslarida ishtiroki, nizoli oilalar bilan ishlash ulushi, nikohdan ajralish holatlarining kamayishi, takroriy murojaatlar va oilaviy zo‘ravonlik holatlari dinamikasi kabi mezonlar asosida natijalar baholanadi. Bu esa markazlarning faoliyati faqat hisobot uchun emas, balki real natija berishi kerakligini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, Vazirlar Mahkamasining 257-son qarori oilani mustahkamlash, yoshlarni ongli ravishda nikohga tayyorlash, nikohdan ajralish holatlarining oldini olish va oilaviy nizolarni mutaxassislar yordamida hal etishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir. Uning amaliy ahamiyati shundaki, endilikda oila masalalari faqat shaxsiy muammo sifatida emas, balki huquqiy, psixologik, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan kompleks yondashuvni talab qiladigan masala sifatida ko‘rilmoqda.

Eng muhimi, ushbu tizim to‘g‘ri ishlasa, ko‘plab yosh oilalar nikohdan ajralish darajasiga yetib bormasdan oldin yordam olishi, nizoli oilalar esa muammoni keskinlashtirmasdan hal qilishi mumkin. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham barqaror bo‘ladi. Shu ma’noda, oila maslahat markazlari nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning ijtimoiy sog‘lomlashuviga xizmat qiladigan muhim institutga aylanishi mumkin.

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va

malakasini oshirish instituti

bosh mutaxasisi Avazmetova Iroda